Reja: 1.Adabiyotshunoslik fanining predmeti. 2.Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi. 3.Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari. 4.Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi.
Adabiyotshunoslik fanining predmeti. Fanning predmeti deyilganda o`sha fan nimani o`rganishi nazarda tutiladi. Adabiyotshunoslik ("adabiyot" + "shinos", ya`ni o`rganish, yaxshi bilish + "lik") fanining nomidanoq uning o`rganish sohasi adabiyot ekanligi ochiq-oshkor ko`rinib turadi. "Adabiyot" so`zi arabcha "adab" so`zining ko`plik shakli bo`lib, u keng va tor ma`noda qo`llaniladi. Keng ma`noda qo`llanilganda "adabiyot" so`zi o`qishga mo`ljallab yozilgan va chop qilingan barcha asarlarni o`z ichiga oladi. Shunga qaramay, "adabiyot" so`zi (termini) tor ma`noda ham juda faol ishlatiladi va bunda so`z san`atiga daxldor bo`lgan asarlar badiiy adabiyot tushuniladi. E`tiborli jihati shuki, istilohning ayni shu tarzda (tor va keng ma`nolarda) qo`llanilishi rus va boshqa bir qator tillarda ishlatiluvchi "literatura" so`ziga ham xosdir. Zero, bu termin ham "litera" ("harf") so`zidan olingan bo`lib, keng ma`noda umuman chop etilgan mahsulotni, tor ma`noda badiiy adabiyotni anglatadi. Biz mutaxassis sifatida "adabiyot" so`zining tor ma`nosini ishlatamiz va bunda badiiy adabiyotni nazarda tutamiz. Demak, adabiyotshunoslikning o`rganish sohasi predmeti badiiy adabiyot ekan. Adabiyotshunoslik badiiy adabiyotning kelib chiqishi, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarini har jihatdan va atroflicha o`rganadi. Adabiyotshunoslikning predmeti bo`lmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko`lami juda keng. Ularning bir qismi umumestetik (badiiy san`at sohalarining barchasiga xos) muammolar sirasiga kirsa, boshqa bir qismi sof adabiyotshunoslik muammolari sanaladi.
Deylik, badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va reallik munosabatlari, dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni xususiyatlari kabi qator muammolar umumestetik xarakterga ega. San`atning barcha turlariga taalluqli bu muammolarni adabiyotshunoslik badiiy adabiyot nuqtai nazaridan, badiiy adabiyot bilan bog`lagan holda va uning misolida o`rganadi. Badiiy adabiyotning mohiyati, uning rivojlanish omillari va qonuniyatlari, badiiy (adabiy) asar tabiati, uning tuzilishi, badiiy (poetik) til xususiyatlari, adabiy tur va janrlar kabi qator masalalar borki, ular sof adabiyotshunoslik muammolari sanalishi mumkin. Adabiyotshunoslik bu muammolarni nima maqsadda o`rganadi? Umuman, ularni o`rganishga zarurat bormi? Axir, adabiyotshunoslikdan bexabar bo`lgan holda ham badiiy asarni o`qib zavqlanish yoxud go`zal asarlar yaratish mumkin emasmi? Bir qarashda bu xil savollarning yuzaga kelishi tabiiy va asoslidek, adabiyotshunoslikning badiiy adabiyotni o`rganishdan maqsadi o`rganishning o`zi bo`lib qolayotgandek ko`rinishi mumkin. Aslida esa bu xil savollarning yuzaga kelishi adabiyotshunoslik ilmining ahamiyatini tushunmaganlikdan, uning vazifalari va rolini tasavvur qila olmaganlikdandir. Umumiy bir nazar tashlashdayoq adabiyotshunoslik ilmining ikki jihatdan badiiy adabiyotning rivojlanishi va badiiy did tarbiyasi jihatlaridan ahamiyatli ekanligi ko`rinadi.
YA`ni, aslida adabiyotshunoslik fani yutuqlari ijodkorlarga ham, o`quvchi ommaga ham kerak. Zero, adabiyotshunoslik badiiy asarni tahlil qilib, unga joziba baxsh etayotgan, undagi ifodaviylik va tasviriylikni, badiiy ta`sir kuchini oshirayotgan unsurlarni, muallifning muayyan badiiy samaraga erishishiga yordam berayotgan usul va vositalarni ochib beradi (e`tiborda tutingki, adabiyotshunoslik bu ishni asrlar davomida bajarib keladi). YA`niki, adabiyotshunoslik badiiy so`z san`ati yutuqlarini ochib beradi va umumlashtiradi. Endi adabiyotshunoslikdan ozmi-ko`pmi xabari bo`lgan odamning va undan mutlaqo xabarsiz odamning badiiy ijodga qo`l urgani yoki badiiy asar mutolaasiga kirishganini tasavvur qiling. Ulardan qaysi birining harakatlari ko`proq samara beradi? Tabiiyki, adabiyotshunoslikdan xabardor kishining harakatlari samaraliroq bo`ladi, chunki u "qaytadan velosiped kashf etish"dan qutuladi. Albatta, bunda kishining iqtidor darajasi, tug`ma iste`dodi ham katta ahamiyatga molik. Biroq, birinchidan, o`sha tug`ma iste`dod degan narsa ham genlar bilan bog`liq, ya`ni, undagi iste`dod ajdodlari to`plagan bilimu tajribalarning qaymog`idir. Ikkinchi tomondan, tug`ma iste`dodlar barmoq bilan sanarli, shunday ekan, adabiyotshunoslik ommaning badiiy didini tarbiyalashda ham, badiiy tafakkur rivojida ham sezilarli ahamiyat kasb etaveradi. Yuqoridagilarni xulosalab aytish mumkinki, badiiy adabiyotga taalluqli muammolarni atroflicha va chuqur ilmiy o`rganish adabiyotshunoslikning vazifasi; chiqargan ilmiy xulosa va umumlashmalari orqali badiiy adabiyot taraqqiysi, badiiy tafakkur rivojiga xizmat qilish, badiiy did tarbiyasiga ta`sir o`tkazish uning maqsadidir.
Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari. Hozirgi zamon adabiyotshunoslik fani uchta asosiy tarkibiy qismdan, uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi va adabiy tanqid. Mazkur sohalarning har biri adabiyotshunoslikning muayyan masalalar majmuini o`z nuqtai nazaridan o`rganadi. Shu bilan birga, mazkur sohalar o`zaro mustahkam aloqada bo`lib, biri ikkinchisini to`ldiradi. Adabiyot tarixi o`tmish adabiyoti(jahon yoki biror milliy adabiyotni)ni uzluksiz jarayon yoki shu jarayonning bosqichlaridan biri sifatida o`rganadi. Adabiyot tarixining asosida tarixiylik prinsipi yotadi. Mazkur prinsipning mazmun-mohiyati shuki, u adabiy jarayonni konkret ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog`liq hodisa sifatida o`rganishni taqozo qiladi. Adabiyot tarixchisi sifatida konkret badiiy asar tahlil qilinganida ham o`sha asar yaratilgan davr sharoiti, davr adabiy jarayoni xususiyatlarini ko`zda tutish shart qilinadi. Adabiyot tarixini qiziqtiradigan masalalardan yana biri sifatida konkret ijodkor faoliyatini o`rganishni ko`rsatish mumkin. Zero, ijodkor faoliyatini o`rganganda, uning ijodiy o`sish jarayonini kuzatganda ham asosga qo`yilgan prinsip tarixiylik bo`lishi lozimdir. Adabiyot tarixi o`tmish adabiyoti xususiyatlarini ochib berarkan, bu bilan, birinchidan, o`tmish adabiyoti tajribalarini bugungi adabiyot xizmatiga safarbar etadi, ikkinchidan, keng ko`lamli nazariy xulosalar chiqarish uchun zarur material hozirlaydi. Bulardan anglashiladiki, adabiyot tarixi badiiy tafakkur taraqqiyotida ham, adabiy- nazariy tafakkur rivojida katta ahamiyat kasb etadi. O`zbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixi sohasining dastlabki kurtaklari sifatida tazkiralarni ko`rsatish mumkin.
Shuningdek, qator tarixiy asarlarda ayrim adabiy faktlar, muayyan ijodkor hayoti va faoliyatiga doir ma`lumotlar ham qayd etilganligi tayin. Biroq o`zbek adabiyotini tarixiy aspektda ko`lamli o`rganish, demakki, o`zbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixining mustaqil tarmoq sifatida shakllanishi va rivoji XX asrga to`g`ri keladi. O`zbek adabiyot tarixchiligining shakllanishida A.Fitrat, A.Sa`diy, V.Zohidov, V.Abdullayev, H.Sulaymonov, g`.Karimov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Xayitmetov, A.Abdug`afurov singari olimlarning ulkan xizmatlarini alohida qayd etmoq lozim. O`zbek adabiyoti tarixini o`rganish borasidagi izlanishlar hozirgi kunda ham davom ettirilayotir. Bugungi kun o`tmish merosimizga munosabatni o`zgartirishni, qator adabiy hodisalar, faktlar, ijodkor shaxslar taqdiri va faoliyatini yangicha ilmiy talqin qilish zaruratini kun tartibiga qo`ygani ma`lum. Demak, bugunda saboq olayotgan talabalarni milliy adabiyotimiz tarixini ilmiy xolis o`rganish, yangi "O`zbek adabiyoti tarixi"ni yaratishdek ulkan va mashaqqatli, sharafli bir vazifa kutadi. Adabiy tanqid hozirgi adabiy jarayon muammolarini o`rganish, yangi paydo bo`lgan asarlarni (shuningdek, o`tmishda yaratilgan asarlarni ham) bugungi kun nuqtai nazaridan g`oyaviy-badiiy tahlil qilish va baholashni maqsad qilib qo`yadi. Adabiy tanqid adabiyotshunoslikning operativ, joriy adabiy jarayonga bevosita aralashadigan sohasidir. Adabiy tanqid adabiyotshunoslikning boshqa sohalaridan bir qator jihatlari bilan ajraladiki, bu narsa uning tabiati, o`ziga xos maqsad va vazifalari bilan izohlanadi. Adabiy tanqid o`zida adabiyotshunoslik ilmi, badiiy adabiyot va publitsistikaga xos jihatlarni uyg`unlashtiradi. Ma`lumki, adabiy-tanqidiy asar faqat ilmiy doiralar uchungina emas, balki ancha keng auditoriyaga mo`ljallab yoziladi. Shunga ko`ra, uning tili ilmiy-ommabop til.
Boz ustiga, badiiy asar haqida so`z borarkan, tanqidchi faqat tushunchalar vositasida emas, obrazlar vositasida ham fikrlaydi; mantiqiygina emas, hissiy mushohadalarga ham tayanadi. Badiiy asar haqida fikr yuritayotgan, uni bugungi kun nuqtai nazaridan baholayotgan tanqidchi o`quvchi ommaga bevosita ta`sir qilishni ham ko`zda tutadi. Ayni paytda, badiiy asarni tahlil qilayotgan tanqidchining fikrlari adabiyot nazariyasiga, adabiyotshunoslik ilmining yutuqlariga asoslanadi. Bularning bari adabiy-tanqidni adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot va publitsistika oralig`idagi hodisaga aylantiradi. O`zbek adabiy tanqidchiligining ilk kurtaklari ham tazkiralarga borib taqaladi. Shuningdek, mutaxassislar o`tmish adabiy jarayoniga xos bo`lgan mushoiralar, nafis majlislarda «og`zaki tanqid» mavjud bo`lganligini ham ta`kidlaydilar. Biroq hozirgi tushunchadagi, yangi tipdagi o`zbek adabiy- tanqidchiligining shakllanishi XIX asr oxiri-XX asr boshlariga to`g`ri keladi. Yangi tipdagi adabiy tanqidchilikning shakllanishi milliy matbuotning shakllanishi bilan bog`liq holda amalga oshdi. O`zbek adabiy tanqidchiligining shakllanishida jadidchilikning ko`zga ko`ringan namoyandalari M.Behbudiy, A.Fitrat, X.Muin; shuningdek, jadidchilik ta`sirida adabiyot maydoniga kirgan V.Mahmud, Cho`lpon kabi ijodkorlarning katta xizmatlari bor. O`zbek adabiy tanqidchiligi murakkab rivojlanish yo`lini bosib o`tdi. Bu yo`lda "vulgar sotsiologizm", "partiyaviylik", "sinfiylik", "konfliktsizlik nazariyasi" singari g`ayriilmiy, g`ayriadabiy dogmalardan jiddiy talafot ko`rdi.
Afsus bilan qayd etish lozimki, O.Hoshim, S.Husayn, M.Solihov kabi adabiyotshunoslar, H.Olimjon, Uyg`un, K.Yashin singari ijodkorlarning qator adabiy- tanqidiy asarlari badiiy tafakkur rivojiga emas, balki ko`proq chinakam so`z san`atining zarariyu mustabid tuzumning hokim mafkurasiga xizmat qildi va shu bois ham ular bugungi kunda batamom eskirdi. Yuqoridagicha yo`qotishlarga qaramasdan, o`zbek adabiy-tanqidchiligi badiiy didni tarbiyalash orqali adabiyotimiz rivojiga sezilarli hissa qo`shganligini ham tan olish zarur. O`zbek tanqidchiligining M.Qo`shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, S.Mirvaliyev, I.g`afurov, A.Rasulov, M.Mahmudov kabi qator namoyandalarining chiqishlarida, garchi ular ham mafkura tazyiqidan to`la forig` bo`lmasa-da, adabiyotimizning dolzarb muammolari ko`tarildi, ko`plab asarlarning badiiy jozibasi ochib berildi va imkon qadar xolis baholandi. Adabiyot nazariyasi badiiy adabiyotning mohiyati, adabiyot taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini, jamiyat hayotidagi o`rni va vazifalari, badiiy asar tabiati hamda uning tuzilishi kabi masalalarni umumiy tarzda o`rganadi va shu asosda umumiy qonuniyatlarni ochib beradi. Adabiyot nazariyasi badiiy asarlarni tahlil qilish tamoyillari, baholash mezonlari, tahlil metodlarini ishlab chiqadi, adabiy-nazariy tushunchalar tizimini yaratadi. Adabiyot nazariyasi adabiyot tarixi va adabiy tanqid materiallarni umumlashtirsa, bu ikkisi o`z faoliyatida adabiyot nazariyasi ochgan qonuniyatlar, u ishlab chiqqan ilmiy tushunchalar tizimiga tayanadi. Shu tariqa adabiyotshunoslikning har uchala asosiy sohalari bir-biri bilan bog`lanadi, yaxlit bir tizim adabiyotshunoslik ilmini tashkil qiladi.
Mumtoz Sharq adabiyotshunosligida, jumladan o`zbek adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining bir qator masalalari ancha keng o`rganilgan. Keng o`rganilgan masalalar sirasiga ilmi aruz(A.Navoiy, Bobur), ilmi qofiya, ilmi badia(A.Husayniy) kabilarni kiritish mumkin. Ko`rib turganimizdek, bu masalalar adabiyotshunoslikning bir qismi poetika doirasi bilan cheklangan edi. Sharqda "muallimi soniy" deb ulug`lanuvchi Forobiy esa yunon faylasufi Arastu ta`sirida va bevosita uning asarlarini sharhlash jarayonida badiiy adabiyot spetsifikasi(mohiyati) masalalariga e`tibor qilgan edi. Biroq mumtoz adabiyotshunoslikda adabiyot nazariyasi ham muayyan bir tizim holiga kelmagan, tadbiqiy harakterdagi hodisa edi. O`zbek adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining alohida tarmoq sifatida shakllanishi ham XX asrda amalga oshdi. O`zbek adabiyotshunosligining ilk nazariyotchilari sifatida A.Fitrat, A.Sa`diylarni ko`rsatish mumkin. Adabiyotshunosligimizning keyingi taraqqiyoti davomida I.Sulton, N.Shukurov, L.Qayumov, B.Sarimsoqov, B.Nazarov, T.Boboyev kabi qator nazariyotchi olimlarning tadqiqotlari adabiy-nazariy tafakkur rivojiga sezilarli hissa bo`lib qo`shildi. Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari. Adabiyotshunoslikning yuqorida sanalgan asosiy sohalari bilan bir qatorda, ularning faoliyati uchun zarur bo`lgan muayyan amaliy vazifalarni bajarish bilan shug`ullanuvchi matnshunoslik, manbashunoslik, kitobiyot (bibliografiya) kabi qator yordamchi sohalar ham mavjud. Matnshunoslik. Matnshunoslik bobidagi ilmiy izlanishlarning oxir natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi uchun manbaviy asos yaratib berish bo`lganligidan unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida qarab kelinadi. Shunga qaramay, matnshunoslikni filologik fanlarning alohida tarmog`i, mustaqil bir sohasi sifatida tushunish to`g`riroq bo`ladi.
Negaki, birinchidan, matnshunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kesishgan nuqtada kechadi; ikkinchidan, matnshunoslikning o`zi ilmiy izlanishlarida qator yordamchi sohalarni (paleografiya, uslubshunoslik, arxeografiya va h.) o`ziga xizmat qildiradi. Adabiy matnlarni o`rganish va nashrga tayyorlash matnshunoslikning vazifasidir. Matnshunoslikning vazifasini juda qisqa ifodalagan bo`lsak-da, uning amalga oshirilishi juda katta mehnatni, chuqur bilim va tajribani talab qiladi. Ma`lumki, xalqimiz boshidan necha-necha istiloyu qatag`onlar kechganiga qaramay, ajdodlarimizdan bizga boy adabiy meros qolgan: minglab jildlardan iborat qo`lyozmalar hazinasiga egamiz. Biroq bu qo`lyozmalarning aksariyati hali o`rganilgan emas, ro`yxatga olib qo`yilgani bo`yi o`z tadqiqotchilarini kutadi. Shuning o`zi ham matnshunoslikning og`ir, ilmning "qora mehnati" ekanligini, uni rivojlantirish ham ilmiy, ham ma`naviy-ma`rifiy jihatlardan zarurligini ko`rsatadi. Adabiy matnni o`rganayotgan matnshunos oldida turli-tuman ilmiy muammolar ko`ndalang bo`ladi. Deylik, matnshunos muallifi noma`lum asar(matn)ga duch keldi. Bu holda u matn muallifini, yoshini (yozilgan, ko`chirilgan vaqti) aniqlashi zarur bo`ladi.
Buning uchun esa u, tabiiyki, adabiyot tarixi, til tarixi, manbashunoslik, uslubshunoslik kabi sohalardan yaxshi xabardor bo`lishi va ularga tayangan holda matnni tadqiq etishi lozim bo`ladi. Yoki matnshunoslikning boshqa bir vazifasi asarning ilmiy-tanqidiy nashrini tayyorlashni olaylik. Masalan, Alisher Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar tomonidan ko`chirilgan qo`lyozmalari mavjud. Matnshunos qarshisida ularni qiyosiy o`rganish, birining kamchiliklarini boshqalari bilan to`ldirish va shu asosda eng mukammal ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi. Tayyor bo`lgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matnshunos uni izohlar, sharhlar, lug`atlar bilan ta`minlashi kerak. Unutmangki, biz foydalanadigan "Mukammal asarlar" ortidagi har bir izoh, har bir sharh yoki lug`at birligi juda katta mehnat orqasida dunyoga keladi. Zero, matnda uchragan so`z ma`nosini topish, undagi biror shaxs, joy nomi va sh.k.larga izoh berish uchun matnshunos juda ko`p izlanishi, ko`plab manbalarni ko`rib, o`rganib chiqishi zarur bo`ladi. Yuqoridagicha mustaqil tadqiqotlardan tashqari, matnshunoslik adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini hal qilishda muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli bo`lib ham xizmat qiladi. Masalan, uning tadqiq usullaridan, tajribalaridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasini, muayyan asarning ijodiy tarixini o`rganish yo`lidagi izlanishlarda keng foydalaniladi.
Adabiyotshunoslikning falsafa fani bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo, yirik san`atkorlarning hammasi ham o`ziga xos faylasuf ekanligi, yirik badiiy asarlarda muallifning olamu odam haqidagi qarashlari tizimi (badiiy konsepsiya) badiiy falsafasi ifodalanishini e`tiborda tutish lozim. Dunyoqarashi muayyan falsafiy ta`limot ta`sirida shakllangan ijodkor asarlarining mazmun-mohiyatini anglash uchun adabiyotshunos o`sha falsafa asoslaridan xabardor bo`lmog`i lozimdir. Aytaylik, islom falsafasi asoslarini, tasavvuf falsafasini bilmasdan turib mumtoz adabiyot tarixini o`rganish, undagi ko`plab asarlarni talqin qilish maholdir. Yoki, masalan, XX asr yevropa adabiyoti namunalarini o`rganganda freydizm, ekzistensializm kabi ta`limotlardan xabardor bo`lish talab qilinadi. Adabiyotshunoslik psixologiya fani bilan ham o`zaro aloqada bo`ladi. Badiiy asarda tasvirlangan inson ruhiyatini anglash, badiiy ijod psixologiyasi, badiiy asarni qabul qilish jarayonining ruhiy mexanizmlarini yaxshi tasavvur qilish uchun adabiyotshunosga psixologiya fanining yutuqlari juda katta yordam beradi. Ayni paytda, badiiy adabiyot psixologiya faniga ilmiy tadqiqotlar uchun boy material beradi. Yuqoridagilardan ko`rinadiki, adabiyotshunoslik boshqa fanlar bilan uzviy aloqada rivojlanadi. Chinakam adabiyotshunos bo`lib yetishish, uning yutuqlaridan boxabar bo`lish va ortda qolmaslik uchun sizdan atroflicha keng bilim egasi bo`lishlik talab etiladi.
Adabiyotlar: 1. O`zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild. A-Beshbaliq.- T., b. 2. Valixo`jayev B. O`zbek adabiyotshunosligi tarixi.-T.:O`zbekiston, Boltaboyev H. Fitrat adabiyotshunos.-T.:Yozuvchi, Mirzayev T. Milliy istiqlol mafkurasi va o`zbek adabiyotshunosligi // O`zbek tili va adabiyoti B Boltaboyev H. XX asr o`zbek adabiyotshunosligi.-Sharq yulduzi Suvonqulov I. Mumtoz adabiyotni o`rganish mezoni.-Muloqot B Yo`ldoshev B yillar adabiy tanqidchiligi tarixiga bir nazar.- Sharq yulduzi B Mo`minova N. Adabiyot nazariyasidan ilk qo`llanma \\ O`zbek tili va adabiyoti B Literaturniy ensiklopedicheskiy slovar.-M.,